Toshkentda Yaponiyaning Kitahara Group reabilitatsiya markazi ochiladi
Toshkentda Yaponiyaning Kitahara Group reabilitatsiya markazi ochiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov Yaponiyaning nufuzli “Kitahara Group” kompaniyasi rahbari Sigemi Kitaxara boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida samarali hamkorlik shakllangani, ushbu uchrashuv esa aloqalarni yanada mustahkamlash, tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish uchun zamin yaratishi ta’kidlandi.
“Kitahara Group”ning Yaponiya hamda boshqa mamlakatlarda profilaktika, tashxislash, davolash, neyroxirurgiya, shoshilinch tibbiy yordam va reabilitatsiya xizmatlarini yagona tizim asosida tashkil etish bo‘yicha to‘plagan ilg‘or tajribasi, xalqaro miqyosda zamonaviy shifoxonalarni tashkil etish borasidagi faoliyati katta qiziqish uyg‘otgani aytildi.
Bugun mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, aholi uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va bunda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan “Kitahara Group”ning Toshkent shahrida zamonaviy xususiy ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish va innovatsion konsepsiya asosida reabilitatsiya xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bildirgan tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda kompaniyaning insultdan keyingi tiklanish, neyroreabilitatsiya, bemorlarni davolash va shifoxonadan keyin parvarishlash hamda uzluksiz tibbiy-reabilitatsiya xizmati bo‘yicha tajribasini o‘rganish O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega ekani aytib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, “Kitahara Group” tomonidan insultdan keyingi bemorlarni reabilitatsiya qilishda qo‘llanilayotgan zamonaviy va innovatsion yondashuvlar natijasida bemorlarning 77 foizi bir oy ichida sezilarli darajada tiklanishga erishmoqda.
Ushbu ilg‘or tajribani yurtimizda joriy etish istiqbollari va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.