O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda iyun oyida avtomobillar savdosi 18%ga oshdi

UzDaily tahririyati · 31.07.2026 · 11:00 · 32 views
O‘zbekistonda iyun oyida avtomobillar savdosi 18%ga oshdi
O‘zbekistonda iyun oyida avtomobillar savdosi 18%ga oshdi / Foto: CERR.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Iyun oyida O‘zbekistonda avtotransport vositalari savdosi 80,2 ming donadan oshdi, bu may oyiga nisbatan 18 foizga ko‘p. Avtomobil bozorining barcha asosiy segmentlarida o‘sish qayd etildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) xabar berdi.

Markaz maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatning deyarli barcha hududlarida savdo hajmi oshgan. O‘tgan oyga nisbatan pasayish faqat Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ko‘rsatkich 2,2 foizga kamaygan. Eng yuqori o‘sish surʼatlari Surxondaryo viloyatida 33,7 foiz, Xorazm viloyatida 32,6 foiz, Sirdaryo viloyatida 29 foiz, Samarqand viloyatida 28,3 foiz, Qashqadaryo viloyatida 26,2 foiz va Andijon viloyatida 26 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa savdo hajmi 9 foizga oshib, 17,9 mingta avtomobilni tashkil qildi.

Bir oy davomida yengil avtomobillar savdosi 61,4 ming donani tashkil etib, 14 foizga oshdi. Birlamchi bozorda 24 mingta yangi avtomobil sotildi, bu may oyiga nisbatan 11 foizga ko‘p. Asosiy ulushni mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar taʼminladi, ularning savdosi 12 foizga oshib, 18,8 ming donani tashkil etdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi qariyb 7 foizga oshib, 5,1 ming donaga yetdi.

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar savdosi 157 ming donani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 3,5 foiz yuqori.

Ikkilamchi bozorda iyun oyida 37 mingdan ortiq ishlatilgan yengil avtomobil sotildi. Bu bir oy oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 16 foizga ko‘p. Ushbu segment yengil avtomobillar umumiy savdosining qariyb 61 foizini taʼminladi. Shu bilan birga, yanvar—iyun oylari yakunlariga ko‘ra, ikkilamchi bozordagi savdo hajmi qariyb 240 mingta avtomobilni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga kam.

Eng sezilarli o‘sish elektromobillar bozorida kuzatildi. Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda 8,4 mingta elektromobil sotildi. Bu may oyidagi ko‘rsatkichdan 63,5 foizga yuqori. Birinchi yarim yillikda elektromobillar savdosi 40 ming donadan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga ko‘paydi.

Elektromobillar savdosining o‘sishi mamlakatning deyarli barcha hududlarida qayd etildi. Bundan Sirdaryo viloyati mustasno bo‘lib, u yerda ko‘rsatkich 2,9 foizga pasaydi. Eng yuqori o‘sish surʼatlari Jizzax viloyatida 101 foiz, Buxoro viloyatida 64,6 foiz va Farg‘ona viloyatida 58,5 foizni tashkil qildi.

Toshkent elektromobillar bozorida yetakchilik mavqeini saqlab qoldi. Iyun oyida poytaxt hissasiga umumiy savdoning qariyb 63 foizi to‘g‘ri keldi. U yerda savdo hajmi may oyiga nisbatan 78 foizga oshib, 5,3 ming donaga yetdi.