O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar soni 596,9 mingtaga yetdi
O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar soni 596,9 mingtaga yetdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 596,9 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar qildi. Ularning 435,4 mingtasi yoki 72,9 foizi (fermer va dehqon xo‘jaliklarini hisobga olmagan holda) kichik korxonalar va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bir yil ichida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 7,2 foizga oshdi. 2025 yil 1 iyul holatida mamlakatda 556,9 mingta xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyat ko‘rsatgan. Shu tariqa, ko‘rsatkich 2022 yilda respublikada qayd etilgan 680,4 mingta korxona darajasiga yaqinlashdi. 2023–2024 yillarda esa ushbu ko‘rsatkich pasaygan edi.
Hududlar kesimida eng ko‘p faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ular umumiy soning 19 foizini yoki 113,6 mingtani tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 9,4 foiz, Samarqand viloyati — 9,2 foiz, Farg‘ona viloyati — 8,5 foiz va Qashqadaryo viloyati — 7,7 foiz qayd etilgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha savdo sohasi yetakchilik qilmoqda. Unda 162,9 mingta korxona faoliyat yuritib, umumiy soning 27,3 foizini tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 21,9 foiz ulush bilan joylashgan. Uchinchi o‘rinni esa 10,6 foiz ulushga ega sanoat sohasi egallagan. Ushbu uchta tarmoq hissasiga mamlakatdagi barcha faol korxonalarning 59,8 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi.
Faoliyat yuritayotgan 440,1 mingta tijorat korxonasi orasida masʼuliyati cheklangan jamiyatlar ustunlik qiladi. Ularning soni 351,6 mingta bo‘lib, jami tijorat korxonalarining 79,9 foizini tashkil etadi. Xususiy korxonalar ulushi 10,7 foiz, oilaviy korxonalar ulushi 8,5 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari ulushi esa 0,1 foizni tashkil qildi.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi faol korxonalar soni 20 502 taga yetdi. Bu bir yil oldingiga nisbatan 3 817 taga yoki 22,9 foizga ko‘pdir. Ularning 15 891 tasi xorijiy korxonalar, 4 611 tasi esa qo‘shma korxonalar hisoblanadi. Eng katta o‘sish savdo sohasida qayd etildi. Bu yerda korxonalar soni 6 038 tadan 7 289 taga yetdi. Sanoat sohasida bu ko‘rsatkich 3 450 tadan 4 031 taga, qurilish sohasida esa 1 256 tadan 1 689 taga oshdi. So‘nggi besh yilda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning umumiy soni 1,4 barobarga ko‘paydi, to‘liq xorijiy korxonalar ulushi esa 56,7 foizdan 77,5 foizgacha oshdi.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ularning ulushi 62,5 foizni tashkil etadi. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati 13,8 foiz, Samarqand viloyati 3,6 foiz va Farg‘ona viloyati 3,2 foiz bilan yetakchilik qilmoqda.
Kapital kelib chiqishi bo‘yicha birinchi o‘rinni Xitoy egallab turibdi. Ushbu mamlakat ishtirokidagi korxonalar soni 6 060 tani yoki xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha korxonalarning 29,6 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 16,8 foiz, Turkiya — 11,2 foiz, Qozog‘iston — 6,4 foiz, Janubiy Koreya — 3,5 foiz va Afg‘oniston — 3,3 foiz joylashgan.
Maʼlumotlar O‘zbekiston Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazi bazasi asosida 2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, fermer va dehqon xo‘jaliklarini hisobga olgan holda shakllantirilgan.