AKFA obligatsiyalarni ilk bor chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda
AKFA obligatsiyalarni ilk bor chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AKFA Aluminium Group kelasi hafta Londonda xalqaro investorlar bilan obligatsiyalarni ilk bor joylashtirish imkoniyatiga tayyorgarlik doirasida uchrashuvlar o‘tkazadi. Roud-shouni tashkil etish uchun kompaniya Citigroup va JPMorgan banklarini jalb qildi.
Bloomberg maʼlumotiga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuvlar tanishuv xususiyatiga ega bo‘lib, obligatsiyalarni yaqin vaqt ichida joylashtirish rejalashtirilmagan. Muzokaralarda kompaniyaning yuqori rahbariyati ishtirok etadi.
AKFA Aluminium Group O‘zbekistonning eng yirik xususiy ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya qurilish sohasi uchun alyuminiy va plastik mahsulotlar ishlab chiqaradi hamda o‘z mahsulotlarini 30 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi.
2024 yildan buyon kompaniya S&P Global Ratings agentligining B+ darajasidagi uzoq muddatli kredit reytingiga ega. 2025 yil iyul oyida agentlik kompaniyaning qarz yuki oshganini sabab qilib, reyting prognozini “barqaror”dan “salbiy”ga o‘zgartirgan.