Ozarbayjonda Chevrolet avtomobillarini to‘liq sikl asosida ishlab chiqaruvchi zavod 2027 yil o‘rtalarida ishga tushiriladi
Ozarbayjonda Chevrolet avtomobillarini to‘liq sikl asosida ishlab chiqaruvchi zavod 2027 yil o‘rtalarida ishga tushiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjonning Hojiqabul shahrida to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega avtomobil zavodi qurilishi 2027 yil o‘rtalarida yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Report.az nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Loyiha Azermash CP kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AJ hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichi umumiy qiymati 84,3 million AQSH dollarini tashkil etadi.
«Asosiy tayyorgarlik ishlari yakunlandi: yetkazib beruvchilar aniqlandi, texnologik uskunalar va ishlab chiqarish liniyalari uchun buyurtmalar joylashtirildi. Hozirda yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilishi davom etmoqda. U yerda, jumladan, Chevrolet Cobalt modelini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi», — dedi Xurram Teshabayev.
Korxona ishga tushirilgandan so‘ng ishlab chiqarish yirik uzelli yig‘ishdan to‘liq sanoat sikliga o‘tadi. Bu mahsulot ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish va model qatorini kengaytirish imkonini beradi.
Hojiqabuldagi korxonada Chevrolet yengil avtomobillari va Isuzu avtobuslarini yirik uzelli yig‘ish 2022 yilda yo‘lga qo‘yilgan edi. Shu vaqtgacha bu yerda 9 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgan.
Vazir o‘rinbosarining taʼkidlashicha, ikkinchi bosqichning asosiy vazifalaridan biri lokallashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirishdan iborat.
«Loyiha doirasida Ozarbayjonda ishlab chiqarilayotgan butlovchi qismlardan foydalanishni kengaytirish, mahalliy yetkazib beruvchilar tarmog‘ini shakllantirish hamda yana-da murakkab texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan», — deya izoh berdi u.
Xurram Teshabayevning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat ichida yaratiladigan qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi hamda Ozarbayjonda zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish ekotizimini shakllantirishga hissa qo‘shadi.