O‘zbekiston va Ozarbayjonning investitsiya portfeli 7,5 milliard dollardan oshdi
O‘zbekiston va Ozarbayjonning investitsiya portfeli 7,5 milliard dollardan oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Ozarbayjonning umumiy investitsiya portfeli umumiy qiymati qariyb 6 milliard dollar bo‘lgan 20 dan ortiq amaldagi loyihani hamda qariyb 1,5 milliard dollarlik 25 dan ziyod istiqbolli tashabbusni o‘z ichiga oladi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev Report.az nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.
«10 milliard dollarlik ehtimoliy investitsiya paketi prognoz yoki mavhum raqam emas. Bu allaqachon amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar yig‘indisi bo‘lib, iqtisodiy hamkorlikning yuqori darajasini aks ettiradi», — dedi vazir o‘rinbosari.
Eng yirik loyiha Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida Chorvoq suv ombori sohilida qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan xalqaro turizm markazini barpo etish hisoblanadi. Shuningdek, PASHA Holding ishtirokida Toshkent shahrida 200 million dollar investitsiya hisobiga The Ritz-Carlton brendi ostida besh yulduzli mehmonxona majmuasi qurilmoqda.
Muhim loyihalar qatoriga Global Textile kompaniyasi tomonidan Ozarbayjonda qiymati 104,8 million dollar bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish, SOCAR bilan hamkorlikda Ustyurt mintaqasida 76 million dollarlik geologiya-qidiruv loyihalarini amalga oshirish, shuningdek Qashqadaryo viloyatida 50 million dollar investitsiya asosida quruq qurilish aralashmalari va gipsokarton ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham kiradi.
Xurram Teshabayevning taʼkidlashicha, investitsiya portfelining asosiy drayver tarmoqlari shaharsozlik va turizm, tog‘-kon sanoati va geologiya-qidiruv ishlari, agrosanoat majmuasi, avtomobilsozlik va elektrotexnika sanoati, shuningdek to‘qimachilik sohasi hisoblanadi.