Akmal Mavlonov Bryusselda Jahon savdo tashkiloti rahbari bilan bojxonani raqamlashtirishni muhokama qildi
Akmal Mavlonov Bryusselda Jahon savdo tashkiloti rahbari bilan bojxonani raqamlashtirishni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi A. Mavlonovning Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Yan Sanders bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz bojxona tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi huzurida Bojxona qo‘mitasining rasmiy vakili — bojxona attashesi instituti tashkil etilganini muhim qadam sifatida baholadilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus O‘zbekistonning Jahon bojxona tashkiloti faoliyatidagi ishtirokini yanada kuchaytirish, xalqaro tashabbuslarni ilgari surish va ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Uchrashuvda doimiy vakil L. Atoyev ham ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Jahon bojxona tashkiloti ko‘magida o‘tkazilayotgan seminarlar, treninglar va diagnostik missiyalar natijasida milliy ekspertlar salohiyati izchil rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Jumladan, yaqinda Bojxona qo‘mitasi xodimi N. Qurbonov Samaradorlikni baholash mexanizmlari (Performance Measurement Mechanisms) bo‘yicha JBTning xalqaro eksperti maqomini qo‘lga kiritgani yuqori baholandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda chegara-bojxona postlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar va intellektual yechimlarni keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar axborot almashinuvini kengaytirish, xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda tahliliy imkoniyatlarni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.