Quvasoyda Koreya bilan avtokomponentlar ishlab chiqariladi
Quvasoyda Koreya bilan avtokomponentlar ishlab chiqariladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Quvasoy shahridagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi filialida Janubiy Koreyaning Hansae Mobility kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilayotgan avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarish korxonasi qurilishi yakunlanish arafasida. Loyihaning amalga oshirilish jarayoni bilan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tanishdi.
Xizmat safari davomida viloyat rahbari qurilayotgan obyektga tashrif buyurib, hozirda qurilish ishlari yakunlanayotgani hamda texnologik uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilayotgani bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy investitsiya hajmi 30 million AQSH dollarini tashkil etadi. Qayd etilishicha, ushbu korxona tashkil etilishi O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy natijasi bo‘ldi.
Loyihaga muvofiq, birinchi bosqichda korxona 120 nafarni ish bilan taʼminlaydi. Keyinchalik yaratiladigan ish o‘rinlari soni 200 nafardan oshishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarishni 2026 yil oxirigacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Kelgusida yangi korxona atrofida qo‘shimcha ishlab chiqarish va servis obyektlarini tashkil etish orqali zamonaviy sanoat klasterini shakllantirish rejalashtirilgan.
Janubiy Koreya kompaniyasi vakillari Farg‘ona viloyati hokimiga loyihaning amalga oshirilish jarayoni va qurilish ishlarining borishi haqida maʼlumot berdi.