O‘zbekiston va Tojikiston agrar loyihalarni tezlashtiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Tojikiston paxtachilik, g‘allachilik hamda qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga kelishib oldi.
Bu kelishuv O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari J. Abduzuxurovning Tojikistonga tashrifi davomida erishildi. U tashrif doirasida Oziq-ovqat sanoati forumi va «UPAK EXPO – 2026» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimi va yalpi majlisida J. Abduzuxurov O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, agrologistika va zamonaviy qadoqlash infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, u sohaga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Muhokamalar davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Tojikiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Bahromjon Rajab Ahmadzoda bilan uchrashdi. Tomonlar paxtachilik, g‘allachilik va agrar sohaning boshqa yo‘nalishlarida ikki mamlakat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holatini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaldagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, ularning ijrosini muvofiqlashtirish hamda O‘zbekiston va Tojikistonning masʼul tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.
Bundan tashqari, J. Abduzuxurov «UPAK EXPO – 2026» xalqaro ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi bilan tanishdi. Tadbirda O‘zbekistonning “CITRIC.UZ”, “EUROSNAB”, «PLAST TECH SOLUTION» («FOOD PACK»), «ASIA PACK» va «STAR CUP» kompaniyalari ishtirok etib, o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.
Tashrif O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, mahsulotlarni qayta ishlash va eksport qilish sohalarida amaliy loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.