O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda davlat xaridlari hajmi 188,4 trln so‘mga yetdi

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 20:24 · 25 views
O‘zbekistonda davlat xaridlari hajmi 188,4 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda davlat xaridlari hajmi 188,4 trln so‘mga yetdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi davlat buyurtmachilari umumiy qiymati 188,4 trln so‘m bo‘lgan 1 099 305 ta shartnoma tuzdi.

Xarid jarayonlarini tahlil qilish va optimallashtirish natijasida byudjet mablag‘larining 7,2 trln so‘mi tejab qolindi. Bu haqda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi maʼlum qildi.

Davlat xaridlarining eng katta hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda umumiy qiymati 77,7 trln so‘mlik shartnomalar tuzilgan bo‘lib, bu mamlakat bo‘yicha jami davlat xaridlarining 41 foizini tashkil etdi.

Ikkinchi o‘rinni 34,3 trln so‘m (18 foiz) ko‘rsatkich bilan Navoiy viloyati, uchinchi o‘rinni esa 17,2 trln so‘m (9 foiz) hajm bilan Toshkent viloyati egalladi.

Byudjet buyurtmachilari orasida xaridlar hajmi bo‘yicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yetakchilik qildi. Vazirlik 13,45 trln so‘mlik shartnomalar tuzgan. Keyingi o‘rinlarda 10,98 trln so‘mlik xaridlar bilan Transport vazirligi va 7,01 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan Suv xo‘jaligi vazirligi qayd etildi.

Korporativ buyurtmachilar orasida eng katta xarid hajmi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ hissasiga to‘g‘ri kelib, u 21,78 trln so‘mni tashkil qildi.

Eng yirik buyurtmachilar qatoriga, shuningdek, 8,42 trln so‘mlik xaridlar bilan «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, 6,47 trln so‘m bilan “O‘zbekneftgaz” AJ va 5,82 trln so‘m bilan “Navoiyuran” AJ ham kirdi.