O'zbekiston yer osti suvlarini boshqarish tajribasini Tojikiston bilan o'rtoqlashdi
O'zbekiston yer osti suvlarini boshqarish tajribasini Tojikiston bilan o'rtoqlashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13–15-iyul kunlari Tojikiston Respublikasining suv resurslari sohasidagi mutaxassislari O‘zbekistonda yer osti suvlarini samarali boshqarish va muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Delegatsiya Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekgidrogeologiya” DM, “GIDROINGEO Instituti” DM, “Yer qa’ridan foydalanish markazi” DM, Geologiya fanlari universiteti hamda Davlat geologik monitoring xizmati Toshkent stansiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida yer osti suvlaridan oqilona foydalanish, gidrogeologik monitoring, laboratoriya tadqiqotlari, ruxsat berish tizimi, yosh kadrlarni tayyorlash hamda transchegaraviy yer osti suvlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida Helvetas loyihasi doirasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda transchegaraviy yer osti suvlari bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, Anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgani qayd etildi.