O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Senat qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 19:30 · 37 views
Senat qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishni ma'qulladi

Senat qurilish sohasida nazoratni kuchaytirishni ma'qulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning bugungi yalpi majlisida “Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda shaharsozlik va qurilish sohasini isloh qilish, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish, qurilish ishlarining sifati hamda shaffofligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish jarayonlari ustidan davlat nazoratining samaradorligini oshirish, binolarning seysmik xavfsizligini yanada mustahkamlash, shuningdek shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, koʻp kvartirali uylarni qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda va shunga koʻra Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalari muvofiqlashtirilmoqda.

Shuningdek “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga qurilish-montaj ishlarini boshlash haqidagi xabarnoma yuborilishi oʻrniga qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan ushbu ishlarni boshlash uchun ruxsatnoma olinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksiga hamda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda hamda shaharsozlik hujjatlari tarkibiga master-reja ham kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun qurilish sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat nazoratining taʼsirchanligini oshirish, aholining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz muhit yaratish, shuningdek shaharsozlik faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.