So‘xda 15 MVt quvvatli GES qurilishi davom etmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida quvvati 15 MVt bo‘lgan gidroelektrostansiya qurilishi davom etmoqda. Loyihaning qiymati $41 mlnni tashkil etadi. Obyekt ishga tushirilganidan so‘ng stansiya tumanning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 70%ini qoplashi mumkin. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Qurilish jarayonini Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda obyektda gidroelektrostansiya kanali ichki va yon qismlarini tekislash hamda mustahkamlash bo‘yicha asosiy ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, betonlash ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Qurilish ishlariga turli rusumdagi 80 ta maxsus texnika jalb qilingan.
Obyektda ishsiz fuqarolarni, jumladan, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan yoshlarni ish bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tashrif davomida Bozorov masʼullarning loyihani amalga oshirish jarayoni, ayni paytda bajarilayotgan qurilish ishlari va belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha hisobotlarini tingladi.
Tanishuv yakunida viloyat rahbari masʼullarga bajarilayotgan ishlar sifatini taʼminlash va qurilishni belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi.