Qonunchilik palatasi spikeri Ozarbayjon elchisi bilan uchrashdi
Qonunchilik palatasi spikeri Ozarbayjon elchisi bilan uchrashdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Spiker Nuriddin Ismoilovning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Guseyn Guliyev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan odilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 17-18-may kunlari Ozarbayjon Respublikasiga amaliy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida ta’kidlandi.
N.Ismoilov elchining O‘zbekiston — Ozarbayjon munosabatlarini mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, G. Guliyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, diplomatik faoliyati davomida buyuk o‘zbek tarixiy siymolarining hayotini, shuningdek, mamlakatning boy tarixini o‘rganish imkoniga ega bo‘lgani va bu unda chuqur taassurot qoldirganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, elchi o‘zbek va ozarbayjon xalqlari bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan qardosh xalqlar ekani, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Muloqotda so‘nggi yillarda parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada faollashgani ta’kidlanib, faol munosabatlar va strategik sheriklik sharoitida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlashda parlamentlarning rolini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.