O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

PwC O‘zbekiston bo‘yicha investitsiya qo‘llanmasini eʼlon qildi

UzDaily tahririyati · 08.07.2026 · 18:00 · 31 views
PwC O‘zbekiston bo‘yicha investitsiya qo‘llanmasini eʼlon qildi

PwC O‘zbekiston bo‘yicha investitsiya qo‘llanmasini eʼlon qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi munosabati bilan PwC kompaniyasi Uzbekistan Investment Guide 2026 qo‘llanmasini tayyorladi. Unda O‘zbekistonning investitsiya muhiti, amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor iqtisodiy tarmoqlar, soliq tizimi va biznes yuritish shartlari bo‘yicha batafsil tahlil taqdim etilgan.

Hujjatda asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar keltirilgan. Unga ko‘ra, 2025 yilda sanoat ishlab chiqarishi hajmi 87,5 milliard dollarga, tashqi savdo aylanmasi esa 81,2 milliard dollarga yetgan. 2025 yil aprel holatiga ko‘ra xalqaro zaxiralar 68,99 milliard dollarni tashkil etgan. Ishsizlik darajasi 4,8 foiz, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati esa 31,9 foiz bo‘lgan.

Qo‘llanmaning katta qismi iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga bag‘ishlangan. Energetika sohasida O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 25 GVtga yetkazish va uning umumiy isteʼmoldagi ulushini 54 foizgacha oshirishni maqsad qilgan. Shakllantirilgan loyihalar portfeli taxminan 30 GVt deb baholanmoqda.

Investorlarga, qoida tariqasida, 25 yillik uzoq muddatli offteyk shartnomalari taklif etilmoqda. Ular AQSH dollarida yoki dollarga bog‘langan holda tuziladi. YAIMning 17 foizini shakllantiruvchi va bozor hajmi qariyb 43 milliard dollarga teng bo‘lgan agrosanoat majmuasi uchun 2,6 milliard dollarlik davlat qo‘llab-quvvatlash paketi nazarda tutilgan. U subsidiyalar, soliq imtiyozlari va hosilni davlat tomonidan sug‘urtalash mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. 2026 yil yanvar oyida meva-sabzavot eksporti yillik hisobda 21,6 foizga oshgan.

Raqamli iqtisodiyot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bozor hajmi 2025 yilda 6,3 milliard dollarga yetgan va yillik o‘sish qariyb 40 foizni tashkil qilgan. IT sohasi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan. IT Park rezidentlari 2040 yilgacha foyda solig‘ining nol stavkasi bo‘yicha foydalanadi. Shuningdek, DataVolt kompaniyasining quvvati 500 MVtgacha bo‘lgan obyektlar qurish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolaganligi, loyihaning birinchi bosqichiga 150 million dollar investitsiya yo‘naltirilishi hamda Mobiuz operatorini taxminan 300 million dollar bahoda xususiylashtirish rejasi alohida qayd etilgan.

Moliya sektoriga bag‘ishlangan bo‘limda fintex sohasining rivojlanishi yoritilgan. TBC Bank 21 million foydalanuvchiga ega raqamli ekotizimni shakllantirgan. Uzum esa Tencent va VR Capital ishtirokida 2,3 milliard dollarlik bahoga erishgan. 2026 yil mart oyida islom bankingi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirib, mazkur sohani tartibga solishning to‘liq huquqiy asosini yaratdi.

Shu bilan birga, ingliz umumiy huquqi asosida faoliyat yurituvchi va imtiyozli soliq rejimiga ega Toshkent xalqaro moliya markazi ham rivojlanmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga qadar markaz 20–25 milliard dollar investitsiya jalb qiladi va 15 mingta yuqori malakali ish o‘rni yaratadi.

Qo‘llanmada soliq tizimi ham batafsil yoritilgan. Foyda solig‘ining standart stavkasi 15 foizni tashkil etadi. Banklar, mobil aloqa operatorlari, savdo markazlari va polietilen granulalari ishlab chiqaruvchilari uchun ushbu stavka 20 foiz qilib belgilangan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliq ham 12 foizni tashkil etadi. Manbada ushlab qolinadigan soliq dividendlar va foizlar uchun 10 foiz, royalti va ijara to‘lovlari uchun 20 foizni tashkil qiladi. Bu stavkalar ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq kamaytirilishi mumkin.

Infratuzilmaga bag‘ishlangan bo‘limda New Tashkent City loyihasi, aeroportlar tarmog‘ini modernizatsiya qilish hamda 2030 yilgacha 61 500 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalari qayd etilgan. Davlat-xususiy sheriklik va xususiylashtirish loyihalarining umumiy portfeli 2030 yilga qadar 30 milliard dollarga baholanmoqda.

Uzbekistan Investment Guide 2026 qo‘llanmasi PwC tomonidan beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari uchun tayyorlangan bo‘lib, u xalqaro investorlar, biznes hamjamiyati va davlat sektori vakillariga mo‘ljallangan.