O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Xitoy ekologiya va iqlim tadqiqotlari sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 30.06.2026 · 16:00 · 43 views
Oʻzbekiston va Xitoy ekologiya va iqlim tadqiqotlari sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Xitoy ekologiya va iqlim tadqiqotlari sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Xitoyning Urumchi shahridagi Shinjon ekologiya va geografiya institutida bo‘lib o‘tgan Xitoy Xalq Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarining muloqot mexanizmi birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida Xitoy fanlar akademiyasi vitse-prezidenti HE Hongping va Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori Chjan Yuanmin so‘zga chiqdi. Ular yangi mexanizmning ishga tushirilishi 2025-yil iyun oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ikkinchi sammit yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasi bo‘lganini ta’kidladilar.

Muloqotning asosiy maqsadi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tadqiqot natijalari va yerni sun’iy yo‘ldosh orqali masofadan zondlash ma’lumotlari bilan almashish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlar degradatsiyasi, cho‘llanish va tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha birgalikda ishlashdan iborat. Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish davomida Xitoy tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan ekologik siyosatni yuqori baholadi va “yashil” rivojlanish tamoyillarini faol ilgari surayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning “Zumrad suvlar va yashil tog‘lar — bebaho boylikdir” tashabbusi O‘zbekistonda tobora keng tushunilib, qo‘llab-quvvatlanayotgani, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida izchil keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani hamda issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Shinjon ekologiya va geografiya instituti ko‘magida “Green University” bazasida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazining ochilishi muhimligi alohida qayd etildi. Ushbu markazning tashkil etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy sheriklikni mustahkamlashda navbatdagi qadam bo‘ldi hamda O‘zbekistonning mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda dolzarb ekologik va iqlimiy muammolarni hal etish uchun zamonaviy ilmiy platformani shakllantirishdagi yetakchi o‘rni e’tirof etilganidan dalolat beradi.