Oʻzbekiston va Janubiy Koreya davlat boshqaruvi sohasida raqamli hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya davlat boshqaruvi sohasida raqamli hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi InterContinental mehmonxonasida O‘zbekiston – Koreya Davlat boshqaruvi hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Koreya Respublikasi ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo-yung, ikki mamlakatning davlat organlari, ekspert doiralari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Forum davlat boshqaruvini takomillashtirish, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va inson kapitalini rivojlantirish sohalarida tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda raqamli hukumat, innovatsiyalar va zamonaviy davlat boshqaruvi sohalarida yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
Forum doirasida davlat sektorida sun’iy intellektni joriy etish, tabiiy ofatlarni boshqarishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish hamda davlat xizmati salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Koreya mutaxassislari raqamli hukumat, xavfsizlik va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, IT-autsorsing, inson kapitalini rivojlantirish hamda raqamli ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar raqamli hukumat, innovatsiyalar va zamonaviy davlat boshqaruvi sohalarida uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.