Shavkat Mirziyoyev JCHdan keyin O‘zbekiston termasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Shavkat Mirziyoyev JCHdan keyin O‘zbekiston termasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat yoshlari vakillari bilan uchrashuv chog‘ida milliy terma jamoaning futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtiroki masalasiga to‘xtaldi. Davlat rahbari jamoa atrofida birlashish, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va omadsiz natijalar uchun aybdor izlash bilan shug‘ullanmaslikka chaqirdi.
Prezident taʼkidlaganidek, AQSH va Meksika maydonlarida o‘tgan jahon chempionatidagi ilk ishtirok futbolchilar uchun jahon futboli grandlari bilan raqobat qilish borasida ulkan va muhim tajriba bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston xalqi milliy terma jamoa o‘yinlarini katta hayajon bilan kuzatganini qayd etdi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, FIFA reytingida beshinchi o‘rinni egallab turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda yetakchi Yevropa ligalarida to‘p surayotgan futbolchilardan tashkil topgan Kongo terma jamoasiga qarshi bahslarda o‘zbekistonlik futbolchilar mundial muhiti va ruhini chuqur his qilish imkoniga ega bo‘ldi. Davlat rahbari Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodovni alohida eʼtirof etib, ular jahon chempionatlaridagi ilk gollarini kiritib, yurtdoshlariga katta quvonch bag‘ishlaganini taʼkidladi.
Milliy jamoa manziliga yangrayotgan turli fikrlar va tanqidlarga munosabat bildirar ekan, Shavkat Mirziyoyev Vatan sharafini himoya qilgan futbolchilarga nisbatan ortiqcha hissiy eʼtirozlar va ayblovlar o‘zbek xalqining ruhiga mutlaqo yot ekanini qatʼiy taʼkidladi. Aksincha, bugungi vaziyatda sportchilarning maʼnaviy ruhini ko‘tarish nihoyatda muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbari mamlakat futbolidagi eng katta yutuqlar hali oldinda ekaniga ishonch bildirdi. Bu maqsadga erishish uchun O‘zbekiston sport infratuzilmasini yana-da kengaytiradi va sohaga investitsiyalar hajmini oshiradi. Xususan, bolalar va o‘smirlar futboliga eʼtiborni tubdan kuchaytirish, ushbu sport turini umummilliy ommaviy harakatga aylantirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 2027 yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ishlari darhol boshlanishini maʼlum qilib, jamoaga bo‘lgan qatʼiy ishonchini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z tarixida ilk bor ishtirok etgan jahon chempionatining guruh bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi K guruhida so‘nggi o‘rinni egallab, o‘tkazilgan uchala uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchragan edi.