Shavkat Mirziyoyev uchinchi Xalqaro maqom san'ati forumini ochdi
Shavkat Mirziyoyev uchinchi Xalqaro maqom san'ati forumini ochdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ochilish marosimida ishtirok etib, nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilari, xorijiy mehmonlar, madaniyat va sanʼat namoyandalarini qutlab, maqom sanʼati qalblarni birlashtiradigan, odamlarga ezgulik ulashadigan maʼnaviyat koʻprigi ekanini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, yurtimizda doimiy tus olgan ushbu anjuman maqom sanʼatining umumbashariy nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan muhim xalqaro maydonga aylanib bormoqda.
Tadbirda UNESCO, ICESCO, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy Parlament Assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning madaniyat vazirlari, elchilar, 80 dan ortiq davlatdan 250 ga yaqin madaniyat va sanʼat vakillari ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz anjumanning bu galgi manzili boʻlgan Namangan diyorining oʻziga xos madaniyati, sanʼati, mehnatkash va bunyodkor xalqi haqida alohida toʻxtaldi. Buyuk shoir va mutafakkir Boborahim Mashrab, Nodim, Fazliy, Majzub Namangoniy, Soʻfizoda, Ibrat, Usmon Nosir, Chustiy kabi ijodkorlar, shuningdek, milliy musiqa sanʼati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan hofiz, sozanda va bastakorlarning boy merosi hurmat bilan tilga olindi.
Shu kunlarda Namanganda 65-xalqaro gullar festivali ham yuksak saviyada oʻtayotgani qayd etildi. Ushbu festival Yangi Oʻzbekiston sharoitida oddiy gullar koʻrgazmasidan xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotgan katta madaniy hodisa va milliy brend darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Joriy yilda Namanganda 150 million tupdan ortiq gul koʻchatlari oʻtqazilib, bu natija xalqaro miqyosda tan olingani va “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritilgani eʼtirof etildi.
Prezidentimiz maqom sanʼatining milliy va jahon madaniyatidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi. UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan maqom oddiy musiqa emas, balki millat xotirasi, xalq qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan maʼnaviy ovoz ekani taʼkidlandi.
Uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanining asosiy maqsadi ushbu noyob merosni asrab-avaylash, oʻrganish va targʻib etish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishdan iborat ekani qayd etildi.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda maqom sanʼati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga koʻtarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Maqom ijrochiligi bilan birga uning nazariy, tarixiy va falsafiy asoslari ham chuqur oʻrganilmoqda.
Bu borada “musiqa maktabi – ixtisoslashgan maktab – oliygoh” tizimi yoʻlga qoʻyilgani, madaniyat va sanʼatning 21 ta yoʻnalishida, jumladan, maqom boʻyicha ijodiy birlashma tashkil etilgani taʼkidlandi. Endilikda har bir mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida yosh maqomchilar tanlovlari oʻtkaziladi.
Prezidentimiz maqom sanʼatini rivojlantirish boʻyicha qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan muhtasham Maqom markazini Dunyo maqom markazi deb nomlash, uning qoshida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu akademiyada oʻzbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yoʻnalishlari ham oʻqitiladi.
Markaz qoshida dunyo miqyosidagi noyob musiqiy qoʻlyozmalar, tovush yozuvlari va nota arxivlarini jamlagan Xalqaro raqamli kutubxona va laboratoriya tashkil etiladi. Mazkur majmua soha olimlari va sanʼatshunoslarini birlashtiradigan global ilmiy-akademik platformaga aylanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Jahon maqom antologiyasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Unda maqom, mugʻom, mukam, dastgoh kabi dunyo xalqlarining mumtoz musiqa namunalari, notalar, audio va video yozuvlar, ilmiy tadqiqotlar yagona raqamli platformaga joylashtiriladi. Maqom ijrosi boʻyicha mobil ilova ishga tushirilib, uning fonotekasi doimiy yangilab boriladi.
Maqom ilmini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro jamgʻarma tashkil etish, uning grantlarini ilmiy izlanishlar, noyob manbalarni oʻrganish, innovatsion loyihalar va soha vakillarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish taklif etildi.
Jamgʻarma hisobidan Xalqaro maqom mukofotini taʼsis etib, maqom rivojiga katta hissa qoʻshgan olim va sanʼatkorlarni har ikki yilda taqdirlab borish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Shu bilan birga, “Shashmaqom”ning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha hududlarda “Maqom yoʻli” madaniy-turistik marshruti yaratiladi. Buxoro, Samarqand, Xiva, Qoʻqon, Shahrisabz va Toshkentda maqom yoʻnalishlariga bagʻishlangan turizm-tematik koʻchalar tashkil etiladi.
Yurtimizda maqom asarlarining oltin fondini yaratib, xalqimizga yetkazib kelayotgan Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomi berilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari Xalqaro maqom sanʼati anjumani maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazadigan, xalqlar oʻrtasida doʻstlik va madaniy muloqotni mustahkamlaydigan muhim xalqaro maydonga aylanib borayotganini taʼkidladi.
Nutq yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev anjuman ishtirokchilariga sihat-salomatlik, joʻshqin ilhom, yangi ijodiy yutuqlar tilab, uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanini ochiq deb eʼlon qildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari futbol boʻyicha milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki haqida toʻxtalib, futbolchilarimiz xalqimizning 34 yillik orzusini roʻyobga chiqarganini taʼkidladi.
Prezidentimiz milliy jamoamiz bugungi oʻyinda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirib, futbolchilarga omad tiladi.
Marosimda konsert dasturi namoyish etildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.