O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Angliya va Gana terma jamoalari durang o‘ynadi

UzDaily tahririyati · 24.06.2026 · 11:07 · 26 views
Angliya va Gana terma jamoalari durang o‘ynadi

Angliya va Gana terma jamoalari durang o‘ynadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Angliya va Gana milliy terma jamoalari futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvida murosa ko‘chasini tanladi. AQSHning Massachusets shtatidagi Foksboro shahrida bo‘lib o‘tgan bahs 0:0 hisobida yakunlandi.

Eʼtiborli jihati shundaki, Gana terma jamoasining asosiy tarkibida yarim himoyachi Tomas Parti maydonga tushdi. Futbolchi Kanada hokimiyati tomonidan kirish vizasi berilmagani sababli Panamaga qarshi ilk uchrashuvni o‘tkazib yuborgan edi. O‘sha bahsda ganaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Ushbu natijadan so‘ng Angliya va Gana terma jamoalari o‘z hisobidagi ochkolar sonini 4 taga yetkazib, turnir jadvalidagi mavqelarini mustahkamladi. L guruhida shuningdek Xorvatiya va Panama milliy jamoalari ham ishtirok etmoqda. Ular birinchi tur yakunlariga ko‘ra hozircha ochko to‘play olmagan. Mazkur jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi tur bahsi 24 iyun kuniga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.

Guruh bosqichining uchinchi va so‘nggi turida Angliya terma jamoasi Panamaga qarshi maydonga tushadi. Gana futbolchilari esa Xorvatiya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuvlar 28 iyun kuniga o‘tar kechasi o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy jahon chempionatiga AQSH, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qilmoqda. 19 iyul kuni yakunlanadigan ushbu mundialda tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etmoqda. Amaldagi jahon chempioni maqomini esa Argentina terma jamoasi saqlab turibdi.

UzDaily tahririyati · 👁 26 views · 24.06.2026 · 11:07