O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O'zbekiston Markaziy banki inflyatsiya darajasi 2027-yilga kelib 5% ga yetishini kutmoqda

UzDaily · 15.06.2026 · 09:30 · 30 views
O'zbekiston Markaziy banki inflyatsiya darajasi 2027-yilga kelib 5% ga yetishini kutmoqda

O'zbekiston Markaziy banki inflyatsiya darajasi 2027-yilga kelib 5% ga yetishini kutmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki 2027 yil yakunlariga ko‘ra inflyatsiyaning maqsadli 5 foizlik darajasiga erishish uchun jiddiy xavflar kuzatilmayotganini maʼlum qildi.

Bu haqda 13 iyun kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida maʼlum qildi. Yig‘ilishda regulyatorning 2025 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti taqdim etildi.

Senator Ikromxon Najmiddinovning savoliga javob berar ekan, Markaziy bank rahbari so‘nggi yillarda inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga erishish muddatlari bir necha bor kechiktirilganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlar dinamikasi ichki va tashqi xususiyatga ega bo‘lgan monetar hamda nomonetar omillar yig‘indisi taʼsirida shakllanadi.

Ishmetovning aytishicha, regulyator prognozlari amaldagi makroiqtisodiy sharoitlar asosida shakllantiriladi va tashqi yoki ichki iqtisodiy muhit o‘zgargan taqdirda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Inflyatsiyaga taʼsir qiluvchi asosiy omillardan biri sifatida u 2024 yilda boshlangan va bir necha yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan energiya resurslari tariflarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish jarayonini keltirdi.

Markaziy bank rahbari taʼkidlashicha, inflyatsion bosimning asosiy qismi yalpi talab iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori bo‘lishi hamda byudjet xarajatlarining belgilangan ko‘rsatkichlardan oshib ketishi hisobiga yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, geosiyosiy taranglik va jahon bozorida xomashyo hamda oziq-ovqat narxlarining o‘sishi kabi tashqi xavflar ham qo‘shimcha taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, u amaldagi prognozlarda mazkur omillar allaqachon hisobga olinganini qayd etdi. Uning maʼlum qilishicha, may oyida mamlakatda yillik inflyatsiya 5,5 foizgacha pasaygan bo‘lib, bu 2017 yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Regulyator kelasi yilda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichdan jiddiy og‘ish xavfini ko‘rmayotganini bildirdi.

Majlisda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, may oyida oylik inflyatsiya ham 0,2 foizgacha pasaygan bo‘lib, bu iqtisodiyotda narxlar o‘sish surʼatlarining umumiy sekinlashayotganini ko‘rsatmoqda.

UzDaily · 👁 30 views · 15.06.2026 · 09:30