O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O‘zbekiston Markaziy banki bankomat nosozliklari uchun jarima joriy etadi

UzDaily · 15.06.2026 · 09:20 · 35 views
O‘zbekiston Markaziy banki bankomat nosozliklari uchun jarima joriy etadi

O‘zbekiston Markaziy banki bankomat nosozliklari uchun jarima joriy etadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki avgust oyidan boshlab bankomatlar orqali naqd pul yechish jarayonida yuzaga keladigan uzilishlar va nosozliklar uchun tijorat va davlat banklariga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llashni boshlaydi.

Bu haqda 13 iyun kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida maʼlum qildi. Unda regulyatorning 2025 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti taqdim etildi.

Yig‘ilish davomida taʼkidlanishicha, 2025 yilda bankomatlardan foydalanish bilan bog‘liq taxminan 290 mingta nosozlik holati qayd etilgan. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanovning maʼlum qilishicha, ayrim holatlarda bankomatlar naqd pul bermagan yoki bank kartalarini ushlab qolgan.

Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, bunday holatlar bo‘yicha taxminan 10 mingta murojaat 15 kundan ortiq muddatda ko‘rib chiqilgan, 3 mingdan ziyod fuqaro esa muammoni hal qilish uchun ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Senatorlarning savollariga javob berar ekan, Markaziy bank rahbari tizimli muammolar mavjudligini tan oldi va 2025 yilda bankomatlar orqali amalga oshirilgan 341 million operatsiyaning taxminan 0,08 foizi turli nosozliklarga to‘g‘ri kelishini bildirdi.

Shuningdek, u nosozliklarning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri banklar faoliyati bilan bog‘liq emasligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, holatlarning taxminan 20 foizi bankomatlarda kerakli nominaldagi kupyuralar mavjud emasligi, yana 20 foizi PIN-kodni noto‘g‘ri kiritish yoki kartalarning bloklanishi, 15 foizi aloqa uzilishi va taxminan 10 foizi elektr taʼminotidagi uzilishlar bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, hodisalarning taxminan 15 foizi yoki qariyb 46 ming holat bevosita banklar va to‘lov tizimlari operatorlari faoliyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bank isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati uchun banklar masʼuliyatini oshirish niyatida ekanini taʼkidladi. Qayd etilishicha, bunday holatlar endilikda nafaqat texnik nosozlik, balki isteʼmolchilar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida ham baholanadi.

6 avgustdan bankomatlar ishidagi qoidabuzarliklar uchun banklarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutuvchi birinchi meʼyoriy hujjat kuchga kiradi. Shuningdek, Markaziy bank to‘lov infratuzilmasi sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha banklarga tegishli tavsiyalarni ham yuborgan.

UzDaily · 👁 35 views · 15.06.2026 · 09:20