Oʻzbekiston Yangi Taraqqiyot Bankiga qoʻshilishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston Yangi Taraqqiyot Bankiga qoʻshilishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qonun loyihasi — O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot banki (YATB) to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi masalasini muhokama qilmoqda.
Mamlakatimizning mazkur bitimga qo‘shilishi o‘ziga xos tarixiy voqea sifatida milliy manfaatlarni ko‘zlagan ochiq, pragmatik investitsiya siyosatning mantiqiy davomidir.
Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston 2014-yilda tashkil etilgan mazkur nufuzli moliyaviy institutga a’zo bo‘lish orqali global investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu hamkorlik iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy infratuzilmani barpo etish va uzoq muddatli imtiyozli moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.
Yangi taraqqiyot banki, avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bo‘lib, unga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida faoliyat yuritadi.
Deputatlarning fikricha, O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda muqobil va imtiyozli sarmoyalar oqimini ta’minlash imkonini beradi.
Ushbu hamkorlik mamlakatimizga xalqaro moliyaviy maydonda o‘z manfaatlarini himoya qilish, energetika, infratuzilma, suv xo‘jaligi va transport sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yurtimizda yangi korxonalar va minglab ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.