Oʻzbekiston va Yaponiya moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Yaponiya moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Yaponiya moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki guruhining 2026-yilgi bahorgi yig‘ilishlari doirasida Yaponiya Moliya vaziri Katayama Satsuki bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘rta muddatli barqaror o‘sishni rag‘batlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.

Davlat moliyasini boshqarish sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, jumladan, budjet ijrosi jarayonlarini raqamlashtirish, xarajatlar nazoratini kuchaytirish va to‘lov tizimlarini avtomatlashtirish bo‘yicha Yaponiya tajribasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, g‘aznachilik tizimini takomillashtirish, davlat mablag‘lari harakatini samarali boshqarish hamda likvidlikni prognozlash mexanizmlarini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Yuqori texnologiyalar sohasida, xususan, mikroelektronika va yarim o‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot, innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Bundan tashqari, “yashil” iqtisodiyot va ekologik barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsion hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat, energetika, transport-logistika hamda qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaldagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling