O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Oʻzbekiston va Turkiya pensiya taʼminoti boʻyicha kelishuv loyihasi boʻyicha kelishib oldilar

UzDaily tahririyati · 26.06.2026 · 22:30 · 36 views
Oʻzbekiston va Turkiya pensiya taʼminoti boʻyicha kelishuv loyihasi boʻyicha kelishib oldilar

Oʻzbekiston va Turkiya pensiya taʼminoti boʻyicha kelishuv loyihasi boʻyicha kelishib oldilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida pensiya va ijtimoiy taʼminot sohasidagi muzokaralar ikkinchi raundi muvaffaqiyatli yakunlandi.

22-26-iyun kunlari Turkiya Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi va Ijtimoiy taʼminot muassasasi (SGK) vakillari oʻrtasida pensiya va ijtimoiy taʼminot sohasidagi ikki tomonlama muzokaralarning ikkinchi raundi oʻtkazildi.

Joriy yilning aprel oyida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida pensiya va ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisida”gi Bitim loyihasi yuzasidan muzokaralarning birinchi raundi Toshkent shahrida muvaffaqqiyatli yakunlangan edi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Pensiya va ijtimoiy taʼminot toʻgʻrisidagi Bitim hamda uni amalga oshirish boʻyicha Maʼmuriy kelishuv loyihalari matnlari toʻliq kelishib olindi.

Hamkorlikdan koʻzlangan maqsad — ikki davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning pensiya va ijtimoiy taʼminot huquqlarini taʼminlash, hamda ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdir.

Tomonlar uchrashuv yakunlari boʻyicha muzokaralar natijalarini aks ettiruvchi Bayonnomani imzoladilar.

Erishilgan kelishuvlar mazkur hujjatlarni yuqori darajada imzolashga tayyorlash hamda ikki mamlakat oʻrtasida pensiya va ijtimoiy taʼminot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi.