Oʻzbekiston va Polsha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Polsha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki guruhining 2026-yilgi bahorgi yig‘ilishlari doirasida Polsha Moliya va iqtisodiyot vaziri Andjey Domanski bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Hududiy rivojlanish sohasida Polshaning muvaffaqiyatli tajribasi asosida markazlashuvni kamaytirish, hududlar iqtisodiy salohiyatini oshirish, sanoat zonalari va iqtisodiy klasterlarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, infratuzilmaga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda hududlararo tafovutlarni qisqartirish borasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsion hamkorlikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish va o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.