Oʻzbekiston va Omnitele telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Omnitele telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlyandiyaning telekommunikatsiya sohasidagi yetakchi konsalting va muhandislik kompaniyasi — Omnitele vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, keng polosali internet tarmoqlarini kengaytirish, 5G texnologiyalarini joriy etish hamda raqamli bog‘lanishni yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mobil aloqa tarmoqlarini rejalashtirish va optimallashtirish, ma’lumotlarga asoslangan tahlil vositalaridan foydalanish, shuningdek, telekommunikatsiya sohasida investitsiyalarni samarali rejalashtirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo uchun raqamli bog‘lanishni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslar, jumladan, Yevropa Ittifoqining Connectivity for Central Asia (C4CA) loyihasi doirasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda mobil aloqa qamrovini yanada mustahkamlash, optik tolali infratuzilmani kengaytirish hamda aholining yuqori sifatli internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazir mamlakatda telekommunikatsiya sohasida raqobat muhitini rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani yaratish va aholiga arzon hamda sifatli aloqa xizmatlarini taqdim etish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli bog‘lanishni kengaytirish hamda istiqbolli xalqaro loyihalar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdilar.