Oʻzbekiston va Janubiy Koreya investitsiyalarni kengaytirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya investitsiyalarni kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-aprel kuni Vashington shahrida Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Koo Yun-Cheol o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi izchil o‘sib borayotgani alohida qayd etildi.
Tomonlar makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, davlat moliyasini boshqarish tizimini raqamlashtirish, jumladan Koreyaning ilg‘or dBrain+ va e-Hojo tizimlari tajribasini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, qo‘shma sanoat loyihalarini amalga oshirish hamda innovatsion texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.