Oʻzbekiston va Jahon banki islohotlar va loyihalarni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Jahon banki islohotlar va loyihalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-aprel kuni Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani, Taraqqiyotni moliyalashtirish masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Akihiko Nishio, Operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Berde hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Xususan, muhokamalar davomida tomonlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi:
iqtisodiy o‘sish sur’atlari, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida erishilayotgan natijalar;
Xalqaro rivojlanish uyushmasi (IDA) doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlaridan samarali foydalanish;
suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va ekologik barqarorlikni ta’minlash, xususan, “Water Forward” tashabbusi doirasida hamkorlikni kuchaytirish;
Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalar yuzasidan yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishib oldi. O‘z navbatida, Jahon banki vakillari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.