Mankind Pharma O'zbekistondagi investitsiya loyihalarini o'rganmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Hindiston Respublikasiga xizmat safari doirasida mamlakatning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri — Mankind Pharma raisi Ramesh Juneja (Ramesh Juneja) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar (R&D) sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida texnologiyalar transferi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida «BioPharma City» farmatsevtika klasteri taqdimoti o‘tkazilib, uning imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
"Mankind Pharma" rahbariyati O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholab, investitsiyaviy hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Mankind Pharma 1995 yilda tashkil etilgan Hindistonning eng yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lib, retsept asosida va retseptsiz beriladigan dori vositalari, shuningdek, isteʼmolchilar salomatligi uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Kompaniya mahsulotlari 70 dan ortiq mamlakatga eksport qilinib, xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.