Jizzaxda tadbirkorning 95 mln so‘mlik jarimasi bekor qilindi
Jizzaxda tadbirkorning 95 mln so‘mlik jarimasi bekor qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax viloyatilik tadbirkorga ozodlikdan mahrum etish muassasasida bo‘lgan davrida hisoblangan 95 mln so‘mlik 27 ta maʼmuriy jarima O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil aralashuvidan so‘ng bekor qilindi.
Biznes-ombudsman matbuot xizmati maʼlum qilishicha, “A.A.” MCHJ rahbari S.B. soliq organining uni soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortish haqidagi qarorlari yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, Mirzacho‘l tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2024 yil 24 iyuldagi hukmiga ko‘ra, tadbirkor ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan. Shunga qaramasdan, u jazoni o‘tayotgan 2024–2025 yillar davomida Sharaf Rashidov tumani soliq inspeksiyasi tomonidan buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-moddasi 2-qismi asosida bir necha bor maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Biznes-ombudsman maʼlumotiga ko‘ra, tadbirkorga nisbatan jami 27 ta maʼmuriy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Vakil apparatida taʼkidlanishicha, jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan shaxsni hisobot taqdim etmaganlik uchun javobgarlikka tortish qonunchilik talablariga zid hisoblanadi. Shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda huquqbuzarlik hodisasi yoki tarkibi mavjud emasligiga oid normalarga tayanib, Jizzax viloyati Soliq boshqarmasiga tegishli xulosalar yuborilgan.
Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, soliq inspeksiyasining barcha 27 ta qarori bekor qilindi va umumiy hisobda 95 mln so‘mlik jarimalar annuliyatsiya qilindi.