Osiyo chempionati g‘oliblari Toshkentda tantanali kutib olindi
Osiyo chempionati g‘oliblari Toshkentda tantanali kutib olindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan 19 va 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda tantanali ravishda kutib olindi.
Musobaqada tarkibi 38 nafar sportchidan iborat bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 6 ta kumush va 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija chempionat rekordiga aylandi hamda O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo qitʼasidagi yetakchilik mavqeini yana bir bor tasdiqladi.
Tantanali kutib olish marosimi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tdi. Chempion va sovrindorlarni, shuningdek, ularning murabbiylari hamda yaqinlarini tabriklash uchun sport jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi.
Tadbirda O‘zbekiston sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Yuqori natijalar sportini rivojlantirish markazi boshlig‘i Mansur Madaminov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi o‘rinbosari Saken Polatov hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan sport tashkilotlari vakillari sportchilar va murabbiylar shtabini muvaffaqiyatli ishtirok bilan tabrikladi. Ular qayd etganidek, erishilgan natija o‘zbekistonlik bokschilar tayyorgarligining yuqori darajasini, sport zaxirasini tayyorlashning amaldagi tizimi samaradorligini hamda yosh isteʼdodlar bilan olib borilayotgan ishlarning muvaffaqiyatli ekanini tasdiqlaydi.