O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Jahon banki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun 150 million dollar ajratadi

UzDaily · 18.06.2026 · 17:05 · 29 views
Jahon banki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun 150 million dollar ajratadi

Jahon banki Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun 150 million dollar ajratadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki O‘zbekistonga “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish uchun 150 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirish ajratilishini ma’qulladi.

Dasturning birinchi bosqichi joriy yilning iyun oyida yakunlanib, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta olis qishloq mahallalarini qamrab oldi.

Ushbu mahallalarda mahalliy aholi tomonidan tanlangan va ularning nazorati ostida amalga oshirilgan 900 dan ortiq infratuzilma loyihalari hayotga tadbiq etildi.

Ular qatoriga yo‘llar va ko‘priklar, suv va elektr ta’minoti tizimlari, maktablar, bog‘chalar hamda boshqa obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish ishlari kiradi. Mazkur loyihalardan qariyb 1 million nafar qishloq aholisi manfaatdor bo‘ldi.

Dasturning ikkinchi bosqichi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta olis qishloq mahallalarida amalga oshiriladi.

Dasturning umumiy byudjeti 340 million dollarni tashkil etib, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

2031-yilgacha dastur yo‘llar, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlari hamda boshqa jamoat xizmatlarinining yaxshilanishidan qariyb 1,2 millionga yaqin qishloq aholisi, jumladan, 600 ming ayol va 300 ming nafar yosh manfaatdor bo‘ladi.

15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish sohalarida band bo‘lgan mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlar, yangi bilim va bozor imkoniyatlaridan foydalanishga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlar qariyb 1 500 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratishga xizmat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Jahon bankining boshqa loyihalari bilan birgalikda dastur yuqorida qayd etilgan mahallalarda qo‘shimcha ravishda 25 000 ga yaqin yangi va yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.

UzDaily · 👁 29 views · 18.06.2026 · 17:05