Ipoteka bank OTP Group rahbari lavozimini tark etadi
Ipoteka bank OTP Group rahbari lavozimini tark etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sandro Rtveladze 1 iyuldan boshlab Ipoteka bank OTP Group boshqaruvi raisi lavozimidagi faoliyatini yakunlaydi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Bank taʼkidlashicha, moliya instituti 2023 yil yozida Vengriyaning OTP Group tomonidan sotib olish bitimi yakunlanganidan keyin so‘nggi yillarda keng ko‘lamli transformatsiya jarayonidan o‘tgan.
Ipoteka bank OTP Group maʼlum qilishicha, Rtveladze tayinlangan vaqtda bank asosan ipoteka aktivlari ulushi yuqori bo‘lgan davlat moliya instituti sifatida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligi davrida asosiy biznes-jarayonlar qayta ko‘rib chiqilgan, kapital bazasi mustahkamlangan, aktivlar sifati yaxshilangan va rentabellik tiklangan.
Xabarda aytilishicha, amalga oshirilgan o‘zgarishlar barqaror biznes modelini shakllantirish va bank faoliyatini risklarni boshqarish, operatsion samaradorlik hamda daromadlilik sohalarida OTP Group standartlariga muvofiqlashtirish imkonini bergan.
Shuningdek, ushbu davrda yangi boshqaruv jamoasi shakllantirilgan va bankning keyingi barqaror o‘sishini taʼminlashi kutilgan operatsion model yo‘lga qo‘yilgan.
Ipoteka bank OTP Group kuzatuv kengashi raisi va OTP Group bosh direktorining o‘rinbosari Laslo Volf Sandro Rtveladze ikki yil ichida bankning kompleks transformatsiyasini amalga oshirib, uni xalqaro bank guruhi tarkibida yana-da rivojlantirish uchun asos yarata olganini taʼkidladi.
Rtveladzening o‘zi esa OTP Group rahbariyatiga ishonch va o‘zgarishlar davrida bankka rahbarlik qilish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u erishilgan natijalarda bank jamoasining hissasini alohida qayd etdi.
Sandro Rtveladze Ipoteka bank‘ga 2023 yil sentyabrda rahbar etib tayinlangan. Bunga qadar u Rossiyadagi OTP Bank bosh direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan, O‘zbekistondagi TBC Bank‘ga rahbarlik qilgan, shuningdek Afrikaning qator davlatlarida chakana bank xizmati sohasida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.