Fargʻona viloyatida “Karkidon” nomli yangi ekoturizm majmuasi ochildi

Fargʻona viloyatida “Karkidon” nomli yangi ekoturizm majmuasi ochildi

Fargʻona viloyatida “Karkidon” nomli yangi ekoturizm majmuasi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan zamonaviy ekoturizm majmuasida yirik madaniy-ko‘ngilochar tadbir va gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ushbu tarixiy voqea bilan qutladi hamda “Karkidon” turizm majmuasi viloyatning turizm salohiyatini yana-da yuksaltirish, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

1967-yilda tashkil etilgan “Karkidon” suv ombori bugun o‘z tarixining yangi sahifasini ochayotgani, endilikda ushbu go‘zal maskan nafaqat suv xo‘jaligi obekti, balki Farg‘ona vodiysining eng jozibador turistik brendlaridan biri sifatida rivojlanib, yurtimizning turizm salohiyatini namoyon etuvchi muhim manzilga aylanishi kutilayotganligi qayd etildi.

Bayram dasturi doirasida taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert, sport musobaqalari, milliy o‘yinlar, bolalar uchun qiziqarli attratsionlar hamda baykerlarning ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi. Mehmonlar suv havzasida qayiq sayrlarida qatnashib, maskanning betakror tabiati va yaratilgan qulayliklardan bahramand bo‘ldilar.

Prezidentimizning PQ–132-sonli qaroriga muvofiq, “Karkidon” suv ombori atrofidagi 250 gektar maydonda yirik ekoturizm majmuasini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda majmua hududida 57 ta zamonaviy mehmon uyi, 45 ta shale uylari, restoran va kafelar foydalanishga tayyor holga keltirilgan. Shuningdek, 20 dan ortiq mavjud dam olish maskanlari to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Hududning ekologik muhitini yaxshilash maqsadida 200 gektar maydonda zamonaviy sug‘orish tizimi yaratilib, 100 mingdan ortiq manzarali daraxt va butalar ekildi. Majmua tarkibida 48 gektarlik sokin hudud, 10 gektarlik gullar bog‘i, 30 gektarlik agroturizm majmuasi hamda 35 gektar maydonda lavandazorlar tashkil etildi.

“Karkidon” loyihasining yana bir muhim jihati shundaki, bu yerda agroturizm, ekoturizm va ekstremal turizm yo‘nalishlari o‘zaro uyg‘unlashgan. Xalqaro standartlar asosida motokross trassasi, ikki kilometrli dor yo‘li, karting maydonlari barpo etilgan bo‘lib, bu maskan nafaqat mamlakatimiz, balki MDH hududidagi nufuzli turizm markazlaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling