Iqtisod

FAO O‘zbekistonda xususiy veterinariya istiqbollarini baholamoqda

FAO O‘zbekistonda xususiy veterinariya istiqbollarini baholamoqda
FAO O‘zbekistonda xususiy veterinariya istiqbollarini baholamoqda / Foto: O'zbekiston Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xususiy veterinariya amaliyotini kengaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish istiqbollari muhokama qilinmoqda. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita raisining veterinariya va hayvonlar salomatligini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Furqat Jalilov BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari Nadav Galon va Orr Rozov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi xususiy veterinariya sektoridagi joriy holat va uning veterinariya xizmatlari tizimidagi salohiyati bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar istiqbolda xususiy veterinariya amaliyotini yana-da keng joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Baholash FAOning Markaziy Osiyoda «Yagona salomatlik» yondashuvi asosida pandemiyalarga tayyorgarlikni oshirish va ularga javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qo‘mita xalqaro tajriba va ekspertlar baholari veterinariya xizmatlari tizimini takomillashtirish, xususiy sektor imkoniyatlaridan yana-da samarali foydalanish hamda ko‘rsatilayotgan yordam sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Baholash natijalari va uning yakuni bo‘yicha tayyorlangan xulosalarni keyingi ishlarni amalga oshirish uchun amaliy asos sifatida qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda qariyb 2 500 ta xususiy veterinariya subyekti faoliyat yuritmoqda. Ular hayvonlarni davolash, laboratoriya diagnostikasi va veterinariya faoliyatining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatmoqda. Mamlakatda veterinariya dori vositalarini sotuvchi dorixonalar ham faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda kadrlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Veterinariya sohasiga, ayniqsa, qishloq hududlariga yosh va malakali mutaxassislarni jalb qilish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish hamda qo‘shimcha xarajatlarni qoplashning ehtimoliy mexanizmlari muhokama qilindi.

Taʼlim sohasida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining amaliy tayyorgarligini kuchaytirish va sohaning ehtiyojlarini inobatga olgan holda uni yetarli miqdorda malakali mutaxassislar bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha veterinariya tizimi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasining kadrlar salohiyatini oshirish, qishloq hududlarini mutaxassislar bilan taʼminlash, xususiy veterinariya sektorini rivojlantirish hamda xalqaro tajribani milliy sharoitlarga moslashtirish keyingi ishlarning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.