Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtkuprik” chegara bojxona posti 2026 yilning to‘rtinchi choragida qayta ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Rekonstruksiya ishlari yakunlanganidan so‘ng post orqali yuk avtomobillari harakati yana tiklanadi.
Yuk transporti uchun qo‘shimcha yo‘nalish sifatida “Navoiy” posti xizmat qiladi. Bojxona qo‘mitasida yuklarni o‘tkazish uchun yangi imkoniyatlarning yaratilishi transport oqimlarini qayta taqsimlash, amaldagi o‘tkazish punktlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish va “Yallama” hududidagi navbatlarni qisqartirish imkonini berishiga umid qilinmoqda.
Sentyabr oyida “Sirdaryo” posti orqali 9,2 mingdan ortiq yuk avtomobili o‘tdi. Shu tariqa, o‘rtacha hisobda post har to‘rt daqiqada qariyb bitta yuk avtomobilini o‘tkazgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan harakat hajmi 10 foizga oshgan.
Transport oqimini yana-da qayta taqsimlash maqsadida “Malik” — “Sirdaryo” va «Oq oltin» — “Selinniy” postlarini sutka-kunduz rejimida ishlashga o‘tkazish hamda ularga xalqaro o‘tkazish punktlari maqomini berish rejalashtirilmoqda. Bu “Yallama” va “Sirdaryo” postlariga tushayotgan yuklamani 30 foizgacha kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
Avvalroq, aprel oyida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin O‘zbekiston tomonidagi “G‘ishtkuprik” va Qozog‘iston tomonidagi «Jibek Joli» o‘tkazish punktlarini sentyabr oyida qayta ochish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan edi.
“Chernyayevka” nomi bilan ham tanilgan “G‘ishtkuprik” posti 2025 yil 5 fevral kuni rekonstruksiya uchun yopilgan.
Dastlab rekonstruksiya ishlarini to‘rt oy ichida yakunlash rejalashtirilgan edi. Loyiha doirasida binolarni vaqtincha demontaj qilish, hududni obodonlashtirish va unga tutash hududda zarur infratuzilmani yaratish ko‘zda tutilgan. Rekonstruksiya muddatining uzayishi sabablari aniqlashtirilmagan.