7
Sport

Baxodir Jalolov Londonda Solomon Dakresni mag‘lub etdi

Baxodir Jalolov Londonda Solomon Dakresni mag‘lub etdi
Baxodir Jalolov Londonda Solomon Dakresni mag‘lub etdi / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik ikki karra Olimpiya chempioni Baxodir Jalolov London shahridagi O2 Arena arenasida og‘ir vazn toifasida o‘tkazilgan jangda britaniyalik Solomon Dakresni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etdi. Uchala hakam ham o‘zbekistonlik bokschi foydasiga 99:91 hisobini qayd etdi.

O‘n raundga mo‘ljallangan jang to‘liq masofada davom etdi. Dastlabki to‘rt raundda Jalolov raqibiga bir nechta kuchli va aniq zarbalar yo‘lladi. Beshinchi raundda esa britaniyalik bokschini nokdaunga uchratdi. Jangning qolgan qismida ham o‘zbekistonlik sportchi bahs jarayonini nazorat qilib, ochkolar hisobiga g‘alaba qozondi.

Ushbu g‘alaba 32 yoshli Jalolov uchun professional faoliyatidagi 18-g‘alaba bo‘ldi. U 15 ta jangni muddatidan oldin yakunlagan.

O‘zbekistonlik bokschi avvalgi jangini 9 may kuni Manchester shahrida o‘tkazgan va xorvatiyalik Agron Smakichini nokautga uchratgan edi.

Jalolov bilan uchrashuvga qadar Dakres professional ringda 10 ta g‘alaba qozonib, bir marta mag‘lub bo‘lgan edi. Britaniyalik bokschi uchta g‘alabaga nokaut orqali erishgan. O‘zbekistonlik bokschiga qarshi jangdan keyin uning professional rekordidagi mag‘lubiyatlar soni ikkitaga yetdi.

Jalolov havaskor boksda ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. U 2020 va 2024 yillarda Olimpiya o‘yinlarining oltin medallarini qo‘lga kiritgan, shuningdek, 2019 va 2023 yillarda ikki marta jahon chempioni bo‘lgan.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.