Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash konsepsiyasini ishlab chiqdi. Hujjat tadbirkorlarning moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 25 ta tashabbusni o‘z ichiga oladi.
Asosiy maqsadlardan biri — 2030 yilgacha banklar onlayn mikrokreditlarni o‘rtacha bir soat ichida ajrata oladigan sharoitlarni yaratish va bunday kreditlarning umumiy mikrokreditlar hajmidagi ulushini 60 foizga yetkazish. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Hozirda 218 trillion so‘mni tashkil etayotgan kichik va o‘rta biznesning kredit portfelini 2030 yilgacha ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
Kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlarning yalpi ichki mahsulotga nisbati 12 foizdan 20 foizga, nobank kredit tashkilotlarining umumiy kreditlash hajmidagi ulushi esa 1,7 foizdan 5 foizga oshirilishi kerak.
Kichik va o‘rta biznesni kreditlashda davlat moliya institutlarining ulushini 73 foizdan 65 foizgacha, yirik davlat banki xususiylashtirilgan taqdirda esa 55 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Kredit tashkilotlari uchun kichik va o‘rta biznes subyektlari to‘g‘risidagi ishonchli va ochiq maʼlumotlar bilan qamrov darajasi, yaʼni kredit byurolari qamrovi 68 foizdan 80 foizga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Konsepsiya pilot hujjat sifatida tasdiqlanadi va maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishi, tashabbuslar amalga oshirilishi, bozor ishtirokchilari hamda ekspertlar bilan muhokamalar natijalari asosida har yili qayta ko‘rib chiqiladi.
Kichik va o‘rta biznes hamda kredit olish imkoniyatlari
Hujjatda keltirilgan Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilda kichik korxonalarning atigi 10 foizi, o‘rta korxonalarning esa 16 foizi kreditlardan foydalangan.
Kichik va o‘rta biznes subyektlarining faqat 24 foizida amaldagi kredit hisobvaraqlari mavjud, 68 foizi esa kredit byurolarida ro‘yxatdan o‘tgan. Jahon banki baholashiga ko‘ra, kichik va o‘rta biznes savdosining qariyb 30 foizi elektron shaklda amalga oshiriladi.
Hujjatda kichik va o‘rta biznes mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan ko‘prog‘ini va bandlikning qariyb to‘rtdan uch qismini taʼminlashi qayd etilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatida faoliyat yuritayotgan 474,9 mingta korxona va tashkilotning 403,8 mingtasi yoki 85 foizi kichik korxonalar va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari va hunarmandlarni ham hisobga olganda, kichik biznes subyektlari soni 1 million 236,1 mingtaga yetgan.
2026 yilning birinchi yarmida kichik biznes yalpi ichki mahsulotning 50,5 foizini ishlab chiqargan. Bu 518,7 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymatga teng. Olti oy davomida yana 44 mingta kichik korxona va mikrofirma tashkil etilgan.
Ushbu davrda kichik va o‘rta biznes eksporti 7,48 milliard dollarni yoki mamlakat umumiy eksportining 47,2 foizini tashkil etgan. Import esa 13 milliard dollarga, yaʼni umumiy importning 51,8 foiziga teng bo‘lgan. 2025 yilda ushbu sektorda mehnatga layoqatli aholining qariyb 74 foizi yoki taxminan 10,5 million kishi band bo‘lgan.
2026 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli 642,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Shundan 407 trillion so‘mi yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kichik va o‘rta biznes banklarning jami kredit portfelining 36 foizini va ajratilgan kreditlarning 34 foizini tashkil etadi. 2026 yilda Prezident topshirig‘iga muvofiq, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 140 trillion so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi belgilangan.
17 ta institutsional tashabbus
Konsepsiyadagi eng yirik yo‘nalishni 17 ta institutsional chora-tadbir tashkil etadi. Biznesni rivojlantirish bankini transformatsiya qilish rejalashtirilgan. Bunda kichik va o‘rta biznesni uzoq muddatli moliyalashtirish, xalqaro moliya institutlaridan resurslar jalb qilish va maqsadli mablag‘larni moliyaviy vositachilar orqali taqsimlash yagona tizimda birlashtiriladi.
Moliyaviy tashkilotlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish uchun moliyaviy ombudsman institutini joriy etish taklif qilinmoqda. Uning vakolatlari nafaqat jismoniy shaxslarga, balki mikro va kichik biznes subyektlariga ham tatbiq etiladi.
Banklarga buxgalteriya, soliq, yuridik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish rejalashtirilgan.
Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, mikro va kichik biznesga kredit berishni rad etish holatlarining salmoqli qismi loyihalarning iqtisodiy jihatdan istiqbolsizligi bilan emas, balki ularning yetarli darajada puxta tayyorlanmagani bilan bog‘liq.
Konsepsiya islomiy moliyalashtirishning metodologik bazasini yaratishni ham nazarda tutadi. Dastlab islomiy moliyaviy mahsulotlar pilot banklarda, jumladan, amaldagi banklardagi «islomiy darchalar» orqali joriy etiladi. Keyinchalik bunday xizmatlarni ko‘rsatish huquqiga ega litsenziya egalari doirasi kengaytiriladi.
Shuningdek, mulk huquqi izchil ravishda bir necha marta o‘tadigan bitimlarda ikki karra soliq solilishining oldini olish maqsadida soliq neytralligini taʼminlash masalasi alohida hal etiladi.
Kontrkafolatlar tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Hujjatda qayd etilishicha, 2026 yil 18 avgust kuni Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti yakunlari bo‘yicha 10 milliard so‘mgacha kredit olishda tadbirkorga kredit summasining 25 foizi miqdorida garov taqdim etish yetarli bo‘ladi.
Xorijiy savdo uylari, konsignatsiya omborlari va distribyutorlik tarmoqlari orqali faoliyat yuritadigan eksportchilar uchun eksport tushumini amaldagi 180 kalendar kun o‘rniga shartnomada belgilangan muddatlarda mamlakatga qaytarishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, valyuta xatarlarini boshqarish uchun Milliy xedjing kompaniyasini tashkil etish va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «2 000 ta eksportchi korxona» dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Boshqa institutsional choralar qatorida Apex jamg‘armasi va kafolat mahsulotlari orqali mikromoliya tashkilotlarining resurs bazasini kengaytirish, Markaziy bankning innovatsion xabini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes holati bo‘yicha har chorakda tahliliy hisobotlar tayyorlash hamda auksionda boshlang‘ich narx sifatida tomonlar kelishgan garov qiymatidan foydalanish kabi tashabbuslar mavjud.
Infratuzilma va yangi moliyaviy mahsulotlar
Infratuzilmaga oid beshta tashabbus kichik va o‘rta biznesni kreditlashdagi axborot nomutanosibligini kamaytirishga qaratilgan.
Ular orasida garov mulki va muammoli aktivlarni realizatsiya qilish uchun markazlashgan raqamli platformani yaratish, ko‘char mulkning yagona onlayn xabardor qilish reyestrini joriy etish hamda kredit to‘liq so‘ndirilgandan keyin garovga qo‘yilgan mulkka nisbatan cheklovlarni avtomatik bekor qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, kredit ajratilgandan keyingi monitoring va erta ogohlantirish tizimini yaratish, Open Banking tizimini joriy etish hamda muqobil maʼlumotlar — soliq, to‘lov, savdo va kommunal xizmatlar maʼlumotlari asosida skoring modelini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Qarz oluvchilar kredit berish rad etilgan taqdirda, buning sababini tushuntirishni talab qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar banklar va nobank tashkilotlarining kreditlari hamda boshqa moliyaviy mahsulotlarini taqqoslashi mumkin bo‘lgan raqamli marketpleys rivojlantiriladi.
Mahsulotlarga oid uchta tashabbus eksportdan oldingi moliyalashtirishni rivojlantirish, moliyaviy mahsulotlar turini kengaytirish va xalqaro faktoringni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Xususan, «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati huzurida kafolat tashkiloti tuzilmoqda. U xalqaro faktoring xizmatlari bo‘yicha 10 milliard so‘mgacha, biroq faktoring qiymatining 50 foizidan oshmagan miqdorda kafolatlar taqdim etadi.
2029 yil 1 yanvarga qadar kompaniya chegirma summasining yoki hisoblangan foizlarning 50 foizini, biroq yillik 4 foizdan oshmagan miqdorda qoplab beradi.
Konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida Markaziy bank Germaniyaning KfW banki, British Business Bank, Hindistonning SIDBI tashkiloti va Koreyaning kredit kafolatlari fondi KODIT tajribasini o‘rgangan.