Apex Insurance 2026 yil I chorak lideri bo‘ldi
Apex Insurance 2026 yil I chorak lideri bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sug‘urta sektori yuqori o‘sish surʼatlarini namoyon etdi.
Umumiy sug‘urta segmentida yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining jami hajmi 3,7 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,6 foizga oshgan. Bozorda yetakchi uchta kompaniya jami soha hajmining 47,5 foizini nazorat qildi.
Umumiy sug‘urta sohasidagi reytingda mutlaq yetakchilikni Apex Insurance egalladi. Kompaniya bozorda birinchi bo‘lib muhim marrani bosib o‘tib, 1,0 trln so‘mlik sug‘urta mukofotlarini yig‘ishga erishdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 42,9 foizlik o‘sishni anglatadi. Kompaniyaning mahalliy bozordagi ulushi 28 foizga yetdi.
Ikkinchi o‘rinni O‘zbekinvest egalladi. Kompaniyaning sug‘urta mukofotlari hajmi 412,5 mlrd so‘mni tashkil etib, yillik o‘sish 41,8 foizni tashkil qildi. Bozordagi ulushi esa 11 foizga teng bo‘ldi.
Kuchli uchlikni Kafolat sug‘urta yakunladi. Kompaniya sug‘urta mukofotlari bo‘yicha 406,6 mlrd so‘m natija qayd etib, o‘tgan yilga nisbatan 185,4 foizlik rekord o‘sishga erishdi. Natijada uning bozordagi ulushi ham 11 foizni tashkil qildi.
Hayot sug‘urtasi segmentida ham investitsion va operatsion faolligi yuqori bo‘lgan kompaniyalar ajralib turdi.
Ushbu yo‘nalishda Apex Life Insurance yetakchilik qildi. Kompaniya birinchi chorak yakuniga ko‘ra 238,3 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlarini jamladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,3 foizga yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Ikkinchi o‘rinni Alfa Life Insurance egalladi. Kompaniyaning mukofotlar yig‘imi 15,2 mlrd so‘mni tashkil etib, yillik o‘sish surʼati 102,3 foizga yetdi.
Uchinchi o‘rinda Prestige Insurance joylashdi. Kompaniya hisobot davrida 8,2 mlrd so‘mlik sug‘urta mukofotlarini yig‘di.