Agentlik IQVIA analitik kompaniyasi bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov IQVIA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari IQVIAning global faoliyati, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘llanilayotgan zamonaviy data-analitika yechimlari hamda bozorni kompleks tahlil qilish imkoniyatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston farmatsevtika bozori bo‘yicha tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar taqdim etilib, mahalliy farmatsevtika korxonalarining bozor ko‘rsatkichlari, asosiy tendensiyalar, terapevtik yo‘nalishlar kesimidagi o‘sish dinamikasi hamda sohaning rivojlanish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida xalqaro analitik maʼlumotlardan samarali foydalanish, farmatsevtika bozorining shaffofligi va raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytirish hamda sohadagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar zamonaviy data-analitika va bozor tahlili vositalarini farmatsevtika sanoatini strategik rivojlantirish, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirishda qo‘llash yuzasidan o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.