YTTB “Khorezm Insulation Group” kompaniyasiga 29 million AQSh dollarigacha kredit ajratadi
YTTB “Khorezm Insulation Group” kompaniyasiga 29 million AQSh dollarigacha kredit ajratadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) O‘zbekistonda bazalt toshidan tayyorlanadigan issiqlik izolyatsiya plitalarining yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan “Khorezm Insulation Group” (KIG) faoliyatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
YTTB tomonidan taqdim etiladigan 29 million AQSh dollarigacha (25 million yevro) bo’lgan kreditni “KIG” korxonasi moliyaviy holatini mustahkamlash, balansini qayta tuzish va kengayish dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiradi.
Mablag‘lar ixtisoslashtirilgan uskunalarni xarid qilish va yangi ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirishga xizmat qiladi, bu esa kompaniyaning operatsion samaradorligini va mahsulot sifatini yaxshilashga yordam beradi.
“KIG” Urganchdagi asosiy ishlab chiqarish korxonasining quvvatini yiliga 30 000 tonnadan 100 000 tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Mazkur loyiha orqali kompaniya ichki va mintaqaviy bozorlardagi mavqeini yanada mustahkamlaydi, hamda O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan qurilish bozoridagi ortib borayotgan talabni, shuningdek Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi issiqlik izolyatsiya plitalariga bo’lgan extiyojni qondirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Loyiha YTTBning mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish va yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar YTTB O‘zbekistonda 210 ta loyiha doirasida qariyb 6,9 milliard AQSh dollari (6 milliard yevro) miqdorida investitsiya kiritgan bo‘lib, mablag‘larning asosiy qismi xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Mamlakat so‘nggi olti yil davomida Markaziy Osiyoda YTTB moliyalashtirishining eng yirik oluvchisi bo‘lib kelmoqda.