Yandex Lavka bilan endi nogironligi boʻlgan shaxslar ham hamkorlik qilishi mumkin
Yandex Lavka bilan endi nogironligi boʻlgan shaxslar ham hamkorlik qilishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kompaniya loyihaga ulanish va oʻqitish jarayonlarini eshitishida nuqsoni boʻlgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirdi hamda ularga omborchi sifatida faoliyat yuritish imkonini taqdim etdi. Mutaxassislar xizmat darkstorlarida buyurtmalarni yigʻish va qadoqlash, tovar yetkazib berishni qabul qilish va joylashtirish, mahsulotlar zaxirasini nazorat qilish hamda omborda tartibni saqlash kabi vazifalarni bajaradilar.
Loyiha Toshkent shahridagi nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlovchi «Sharoit Plus» jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tashkilot nomzodlarni saralashda koʻmaklashadi, ularni suhbatlarga tayyorlaydi va ishga moslashish jarayonida qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, «Sharoit Plus» oʻzbek ishora tili tarjimonlarini taʼminlaydi hamda Yandex Lavka jamoalari uchun eshitishida nuqsoni boʻlgan mutaxassislar va samarali muloqot qilish boʻyicha treninglar oʻtkazadi.
Mutaxassislar uchun tayyorlangan oʻquv materiallari subtitrlar bilan toʻldirildi, darkstor jamoalari uchun esa eshitishida nuqsoni boʻlgan xodimlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha maxsus yoʻriqnomalar ishlab chiqildi.
Hamkorlik uchun ariza topshirish imkoniyati 18 yoshdan oshgan, toʻliq ish kuni davomida faoliyat yuritishga tayyor va yozma maʼlumotlarni oʻqiy oladigan erkaklar hamda ayollar uchun ochiq.
«Inkluziv muhitni rivojlantirishda nafaqat texnologik yechimlar, balki nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mehnat qilish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan tizimli yondashuv ham muhim ahamiyatga ega. Yandex Uzbekistan bu yoʻnalishni izchil rivojlantirib, servislarni moslashtirmoqda, qulay va ochiq muhit yaratmoqda hamda eshitishida nuqsoni boʻlgan insonlar uchun yangi imkoniyatlarni ishga tushirmoqda. Loyihada «Sharoit Plus» jamoat birlashmasining ishtirok etayotgani ham muhim, zero u nomzodlarning moslashuv jarayoniga koʻmaklashib, jamoalarni qoʻllab-quvvatlaydi», — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, Prezidentning ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha maslahatchisi Mansurbek Olloyorov.
Yandex Uzbekistan’da inkluziya haqida
Yandex Uzbekistan imkoniyati cheklangan insonlar uchun raqamli xizmatlar va ish muhitini yanada qulay qilish boʻyicha tizimli ishlar olib bormoqda. Kompaniyaning toʻqqizta xizmati, jumladan Yandex Go, Alisa AI, Pochta, Brauzer, Yandex Music va Yandex Books koʻzi ojiz va koʻrish qobiliyati zaif foydalanuvchilar uchun maxsus imkoniyatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
Oʻzbekistonda kompaniya Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ijtimoiy taksi loyihasini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Yandex Go bilan qariyb 700 nafar kar va eshitishida nuqsoni boʻlgan haydovchi-hamkorlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, xizmatda yoʻlovchilar uchun nogironligi boʻlgan shaxslarga moʻljallangan maxsus imkoniyatlar bilan safar qilish xizmati ham mavjud.