Oʻzbekiston va Malayziya qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Malayziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rafidah Abd Aziz, Malayziya Palma yog‘i kengashi (MPOC) bosh direktori Belvender Sron hamda Malayziya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yog‘-moy sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar sohada ilg‘or tajribalarni o‘rganish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuv Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Food Safety & Innovation: Palm Oil Solutions for Central Asia” xalqaro forumi doirasidagi tadbirlar davomida tashkil etildi.