O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Soliq qo‘mitasi sobiq o‘rinbosari Mubin Mirzayev 8 yilga qamaldi

UzDaily tahririyati · 27.07.2026 · 19:20 · 32 views
Soliq qo‘mitasi sobiq o‘rinbosari Mubin Mirzayev 8 yilga qamaldi

Soliq qo‘mitasi sobiq o‘rinbosari Mubin Mirzayev 8 yilga qamaldi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Soliq qo‘mitasi sobiq birinchi raisining o‘rinbosari Mubin Mirzayevni 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Sud, shuningdek, uni muayyan huquqdan uch yil muddatga mahrum etdi.

1969 yilda tug‘ilgan Mirzayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini talon-toroj qilish, 205-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan — juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishga sabab bo‘lgan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, shuningdek, 208-modda — hokimiyat harakatsizligida aybdor deb topildi.

Mirzayev bilan birga ish bo‘yicha yana sakkiz nafar shaxs sudlandi. Sud boshqa sudlanuvchilarni ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari qismi va bandlari bo‘yicha aybdor deb topdi. Ular orasida shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, soliq yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, shuningdek, hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq moddalar ham bor.

Ularga to‘rt yildan to‘qqiz yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmida yetkazilgan zararni undirish ham nazarda tutilgan. Tayinlangan jazo muddati sudlanuvchilarga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan kundan boshlab hisoblanadi.

Raislik qiluvchi sudya tomonlarga hukm mazmunini, shuningdek, unga shikoyat berish tartibi va muddatlarini tushuntirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2026 yil yanvar oyida «xizmat vazifalariga sovuqqonlik va masʼuliyatsizlik bilan yondashgani» uchun lavozimidan ozod etilgan edi.