O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Fargʻona Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 27.07.2026 · 19:40 · 26 views
Fargʻona Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

Fargʻona Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qobul shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan bo‘lib o‘tgan samimiy va do‘stona ruhdagi muloqotda keyingi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro ishonch, qardoshlik munosabatlari hamda savdo-iqtisodiy aloqalar izchil mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.

Qobul shahrida Farg‘ona savdo uyining tashkil etilgani tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi, ikki tomonlama savdo munosabatlarini yana-da rivojlantirishi va yangi biznes hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyati va Afg‘oniston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti, logistika, elektrotexnika va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Afg‘oniston bozoriga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, un va don, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak, qurilish materiallari hamda farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi.