Toshkent va Kobul shaharsozlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent va Kobul shaharsozlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi / Surat: Toshkent shahar hokimiyati
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘on–O‘zbek biznes-forumi doirasida Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi hokim o‘rinbosari Sharof Rahmanov boshchiligida Qobul shahrida Qobul munitsipaliteti rahbari o’rinbosari Mohammad Asif Jalalzai bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki poytaxtning shahar boshqaruvi, urbanizatsiya jarayonlari, infratuzilmani rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Qobul tomoni shaharda 234 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, shundan 168 tasi qurilish sohasiga oid ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, yo‘l va kanal qurilishi, avtobus bekatlari, obodonlashtirish, chiqindilarni boshqarish, shaharsozlikni tartibga solish hamda raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qobul vakillari Toshkent tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirib, mutaxassislar ishtirokida seminar va master-klasslar tashkil etish, shuningdek, infratuzilma va kommunal xizmatlar yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi.
Toshkent shahar hokimligi vakillari poytaxtimiz kompaniyalari qayd etilgan yo‘nalishlarning barchasida faoliyat yuritayotganini ta’kidlab, Qobul tomonidan taqdim etilgan loyihalarni ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, transport va kommunal infratuzilmani rivojlantirish hamda renovatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Qobul delegatsiyasi ushbu yo‘nalishlardagi ishlar bilan yaqindan tanishish uchun Toshkentga taklif qilindi.