O‘zbekiston TIV rahbari Malayziya elchisini qabul qildi
O‘zbekiston TIV rahbari Malayziya elchisini qabul qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Malayziyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Rafeda binti Abdul Azizning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi.
Tashqi siyosat idorasi rahbari maʼlum qilishicha, uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Suhbatdoshlar so‘nggi yillarda oliy darajadagi faol muloqot tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini taʼkidladilar.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda turli sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Baxtiyor Saidov Rafeda binti Abdul Azizga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, o‘zbek tomoni uning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladi.