Red Bull Dance Your Style milliy finali Toshkentda bo'lib o'tadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 16-avgust kuni soat 19:00 da Toshkentda, Uzbekistan Creative Park ko‘magida, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri hududida ko‘cha raqslari bo‘yicha ulkan festival — Red Bull Dance Your Style bo‘lib o‘tadi. Unda tomoshabinlar mamlakat chempionini tanlaydi va aynan u Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan jahon finalida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Ishtirokchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish loyiha saytida ochilgan. Tomoshabinlar uchun kirish bepul. Tadbir 18+.
Ko‘cha raqslari bo‘yicha eng yirik xalqaro chempionatlardan biri — Red Bull Dance Your Style yana O‘zbekistonga qaytmoqda. 16-avgust kuni soat 19:00 da Toshkentda, Uzbekistan Creative Park ko‘magida, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri hududida mamlakatning 16 nafar eng kuchli raqqosi milliy finalda uchrashib, jahon sahnasida O‘zbekiston sharafini himoya qilish huquqi uchun kurashadi. Bu yerda odatiy hakamlar hay’ati va oldindan tayyorlangan chiqishlar bo‘lmaydi: ishtirokchilar dunyoga mashhur musiqiy xitlar ostida improvizatsiya qilishlari kerak bo‘ladi, har bir battl g‘olibini va yangi mamlakat chempionini esa tomoshabinlar tanlaydi.
Red Bull Dance Your Style — bu turli yo‘nalishdagi ko‘cha raqslari vakillarini birlashtiruvchi, yakkama-yakka formatdagi xalqaro raqs musobaqasidir. Unda hip-hop, popping, krump, vogue va boshqa ko‘plab uslublar namoyandalari ishtirok etadi. Raqschilar battl davomida qaysi qo‘shiq yangrashini oldindan bilishmaydi, shu sababli ular musiqaga bir zumda moslashishi, improvizatsiya qilishi va tomoshabinlar e’tiborini qozonishi kerak bo‘ladi.
Red Bull Dance Your Style’ning asosiy o‘ziga xosligi — professional hakamlar hay’atining yo‘qligidir. Har bir battl g‘olibini tomoshabinlar qizil yoki ko‘k rangdagi kartochkani ko‘tarish orqali aniqlaydi. Aynan tomoshabinlar kim musobaqani davom ettirishi, keyingi bosqichga yo‘l olishi va yakunda O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘lishini hal qiladi.
Milliy finalda mamlakatning 16 nafar eng kuchli raqqosi ishtirok etadi. Ular 14-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan saralash bosqichi yakunlariga ko‘ra aniqlanadi. Ishtirokchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish allaqachon loyihaning rasmiy saytida ochilgan.
Red Bull Dance Your Style 2019-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va butun dunyo bo‘ylab raqs hamjamiyatlarini birlashtirib keladi. 2026-yilda musobaqalar 57 ta mamlakatda bo‘lib o‘tadi va ular orasida O‘zbekiston ikkinchi bor ishtirok etadi. Milliy finallar g‘oliblari Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan jahon finalida o‘z mamlakatlari nomidan qatnashish va xalqaro chempionlik unvoni uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Red Bull Dance Your Style’ning O‘zbekistonga qaytishi nafaqat mahalliy raqs hamjamiyati uchun muhim voqea, balki tomoshabinlar uchun ham yirik shouga aylanadi. Milliy final mehmonlari mamlakatning eng kuchli raqqoslari ishtirokidagi battllarni tomosha qilishlari, o‘z favoritlarini qo‘llab-quvvatlashlari va aynan O‘zbekistonni jahon sahnasida namoyon etadigan ishtirokchini tanlash orqali musobaqa natijasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi.