Xonadonlarni maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlash tartibi belgilandi
Xonadonlarni maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlash tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori bilan “Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlashda davlat xizmatini ko‘rsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali vakolatli operator tomonidan ko‘rsatiladi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz bilan gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Vakolatli operator ariza kelib tushgan kuni maʼlumotlarni “E-gaz” dasturida shakllantiradi. 1 ish kunida so‘rovnomada ko‘rsatilgan maʼlumotlarni tekshiradi.
3 ish kunida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan taʼminlash masalasi joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda o‘rganish yakunlari bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Dalolatnomada keltirilgan xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan “Maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish to‘g‘risida” va “Suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish to‘g‘risida”gi shartnomalar 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida ariza beruvchi “Face ID” tizimi orqali suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq bilan taʼminlanadi hamda unga 1 dona maishiy gaz balloni 12 ish kunida bepul yetkazib beriladi.